Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Bank xizmatlari iste’molchilariga eslatma

Yangilangan sana: 22 Fev 2020, 00:12

Bank xizmatlari iste’molchisi O‘zbekiston Respublikasining bank tizimi haqida nimalarni bilishi lozim?

O‘zbekiston Respublikasi bank tizimi - O‘zbekiston Respublikasi moliya va pul-kredit tizimining uzviy qismi hisoblanadi. Respublikamizda bank tizimi ikki pog‘onali bank tizimidan iborat bo‘lib, o‘z ichiga Markaziy bank va tijorat banklarini oladi. Markaziy bankning tijorat banklari bilan hamda tijorat banklarining o‘z mijozlari bilan bo‘ladigan o‘zaro munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Qonun hujjatlari, jumladan «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi hamda «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunlarida belgilangan. «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunining 20-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida banklar bank operatsiyalarini amalga oshirishga doir qarorlar qabul qilishda mustaqildirlar.

Markaziy bank bilan tijorat banklarining bir-biridan nimalar bilan farq qiladi?

Markaziy bankning bosh maqsadi milliy valyutaning barqarorligini ta’minlashdan iborat.

Asosiy vazifalari:

  • monetar siyosatni hamda valyutani tartibga solish sohasidagi siyosatni shakllantirish, qabul qilish va amalga oshirish;
  • O‘zbekiston Respublikasida hisob-kitoblarning samarali tizimini tashkil etish va ta’minlash;
  • banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, valyuta birjasi va kredit byurolari faoliyatini litsenziyalash hamda tartibga solish, banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va kredit byurolarini nazorat qilish, qimmatli qog‘ozlar blankalari ishlab chiqarishni litsenziyalash;
  • O‘zbekiston Respublikasining rasmiy oltin-valyuta rezervlarini, kelishuvga binoan hukumat rezervlarini qo‘shgan holda, saqlash va tasarruf etish;
  • bank xizmatlarining ommabopligini oshirishni ta’minlash va bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish;
  • davlat byudjetining kassa ijrosini Moliya vazirligi bilan birgalikda tashkil etishdan iboratdir.

Markaziy bank faoliyatining strategik maqsadli yo‘nalishlari deb:

  • narxlar barqarorligi;
  • bank tizimi barqarorligi va rivojlanishi;
  • to‘lov tizimi barqarorligi va rivojlanishini ta’minlash hisoblanadi.
Shuningdek, bugungi kunda respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida Markaziy bank faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, bank xizmatlari iste’molchilari huquqi va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga moliyaviy ochiqlikni va ularning savodxonlik darajasini oshirish belgilangan.

Markaziy bank o‘z oldiga qo‘yilgan vazifaga erishish uchun banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va kredit byurolari faoliyatini tartibga soladi hamda nazorat qiladi, banklar uchun majburiy bo‘lgan iqtisodiy normativlarni belgilaydi. Markaziy bank vakolatlarining to‘liq ro‘yxati «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi Qonunida aks ettirilgan. Tijorat banklari «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq tijorat tashkilotlari hisoblanib, ularning faoliyati daromad olishga qaratilgan.

Tijorat bankining o‘ziga xos xususiyati, bu yuridik va jismoniy shaxslardan omonatlar qabul qilish hamda qabul qilingan mablag‘lardan tavakkal qilib kredit berish yoki investitsiyalash uchun foydalanishdan iboratdir. Shuningdek, tijorat banklari jismoniy va yuridik shaxslarga bank hisobvaraqlarini ochadi va yuritadi, to‘lovlarni amalga oshiradi. Banklar qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa turdagi operatsiyalarni ham amalga oshirishlari mumkin,

Shunga ko‘ra, o‘zining joriy faoliyati bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash hamda rivojlanishini ta’minlash uchun tijorat banklari foydaga ega bo‘lishi lozim. Shu sababli, bank xizmatlari muayyan haq evaziga bajariladigan xizmat turi hisoblanadi.

Banklar va ularning mijozlari o‘rtasidagi munosabatlar

Banklar va mijozlar o‘rtasidagi munosabatlar Qonun hujjatlariga muvofiq, jumladan O‘zbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunining 31-moddasiga ko‘ra, banklar va ularning mijozlari o‘rtasidagi munosabatlar shartnomalar asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, banklar mijozlar bilan tuzilgan shartnoma shartlarini, jumladan bank operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalari va vositachilik haqi miqdorini mustaqil belgilash huquqiga egadirlar.

Davlat dasturlarini moliyalash uchun Markaziy bank tomonidan banklarga beriladigan kreditlar bo‘yicha Markaziy bank ushbu banklar qarzdordan undirib oladigan foiz stavkalarining eng ko‘p miqdorini belgilashi mumkin, bunda markazlashtirilgan resurslar uchun to‘lov va banklarning xarajatlari o‘rnini qoplash hisobga olinadi.

Qayd etish lozimki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra omonatchilar va qarz oluvchilar o‘zlariga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankini mustaqil tanlash huquqiga egadirlar. Bugungi kunda respublikamizda bank xizmatlari bozorida tijorat banklari o‘rtasida (2018 yil 1 yanvar holatiga 28 ta) kuchli raqobat mavjud bo‘lib, ushbu holat tijorat banklari doimo taqdim etilayotgan xizmat turlarini sifati va ko‘lamini oshirishga, bank xizmatlarining narxini takomillashtirib borishga, mijozlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga undab kelmoqda.

Shunga ko‘ra, iste’molchi o‘ziga ma’qul bo‘lgan shartlarda bank hizmat turlarini taklif etadigan tijorat bankini mustaqil tanlash huquqiga ega.

Siz bank xizmatlaridan foydalanmoqchisiz. Nimalarga e’tibor qaratish lozim.

Bankning biron-bir xizmat turidan foydanish haqida qaror qabul qilishdan avval, ushbu xizmat turi haqidagi ma’lumotlarni o‘rganish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni aniqlash hamda o‘z majburiyatlaringizni (shu jumladan moliyaviy) anglab yetish talab etiladi.

Agar bank xizmatlari shartnoma tuzish asosida amalga oshiriladigan bo‘lsa, ushbu shartnomani imzolashdan avval uning barcha shartlari va qoidalarini tijorat bankining mutaxassisi bilan birgalikda diqqat bilan o‘rganib chiqish zarur. Shartnomada uchrashi mumkin bo‘lgan notanish terminlar hamda shartnoma qoidalarini to‘liq tushunish yuzasidan bank xodimlariga murojaat etishdan uyalmang. Chunonchi, barcha tijorat banklarida jismoniy shaxslarga, shu jumladan maxsus moliyaviy bilimlarga ega bo‘lmagan mijozlarga oddiy, tushunarli tarzda bank maslahatlarini berish vazifasi yuklatilgan mutaxasislar mavjud. Shartnomani imzolashga shoshilmang. Iloji bo‘lsa shartnomani uyga olib ketib, uning barcha shartlarini diqqat bilan o‘rganib chiqish zarur.

Esingizda tuting! Shartnomani imzolash orqali Siz uning barcha shartlariga rozi ekanligizni tasdiqlaysiz hamda shartnoma shartlarini to‘liq bajarish majburiyatini o‘z zimmangizga olasiz. Agar Siz shartnoma shartlarini bajarmagan taqdiringizda bank sudga da’vo arizasi bilan murojaat etish huquqiga ega bo‘ladi.

Tijorat banklari tomonidan ko‘rsatiladigan kredit xizmatlari haqida nimalarni bilish kerak?

Fuqaro tijorat bankidan ko‘chmas mulk xarid qilish uchun ipoteka kreditini, yoki shaxsiy ehtiyojlarini qondirish uchun iste’mol kreditini olish huquqiga ega. Bankdan kredit olish qarz oluvchiga ushbu kreditning asosiy qarzini hamda ushbu kreditdan foydalangan davr uchun hisoblangan foizlarni kredit shartnomasida belgilangan muddatda qaytarish majburiyatini yuklaydi. Bunda bank tomonidan kreditdan foydalanganlik uchun qarz oluvchidan qo‘shimcha to‘lovlarni undirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Odatda, tijorat banklari tomonidan kreditlar doimiy daromadga ega bo‘lgan, to‘lovga layoqatli, ya’ni kredit shartnomasiga asosan to‘lovlarni to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirish qobiliyatiga ega fuqarolarga ajratiladi.

Qarz oluvchilarni kreditlash qoidalari hamda ularning kreditga layoqatlilik darajasini aniqlash usullari har bir tijorat banki tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Ko‘p hollarda bank tomonidan kredit ajratish jarayonida qarz oluvchi tomonidan qo‘shimcha xarajatlar (garov predmetini sug‘urtalash, garov shartnomasini notarial tasdiqlash bilan bog‘liq xarajatlar va h.k.) ko‘zda tutilgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun qarz oluvchi kredit shartnomasini imzolashdan avval, barcha qo‘shimcha xarajatlarni hisobga olishi lozim.

Fuqaro- qarz oluvchi kredit shartnoma shartlarini tegishli ravishda bajarmasa bank kreditdan foydalanganlik uchun to‘lovni yuqori foiz stavkalarida, shuningdek neustoyka (jarima va penya) to‘lanishini talab qilishi mumkin. Bankning ushbu talablarni qo‘yish huquqi kredit shartnomasida belgilangan bo‘ladi.

Fuqaroning tijorat bankidan kredit shartlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot olish huquqi

Kredit olish haqida qaror qabul qilishdan avval bank xodimidan kreditlash shartlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot olish kerak. Sizning kredit shartlari to‘g‘risida o‘z vaqtida, zarur bo‘lgan va haqqoniy ma’lumotlarni olish huquqingiz amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan.

Kredit shartnomasi tuzilgunga qadar bank tomonidan kredit olmoqchi bo‘lgan fuqaroga kredit shartnomasi yoki unga ilova qilingan o‘zgarishi mumkin bo‘lgan pul mablag‘lari majburiyatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar yozma ravishda taqdim etilishi shart.

Ushbu ma’lumotlarda quyidagilar aks ettirilgan bo‘lishi kerak:

  • kredit summasi va valyutasi;
  • kredit muddati;
  • kreditdan foydalangan uchun ustama haqi miqdori necha foizni tashkil etadi (o‘zgaruvchan yoki o‘zgarmas foiz stavkasi);
  • kredit maqsadi (shartnomada maqsadli ishlatish ko‘zda tutilgan bo‘lsa);
  • Kredit shartnomasida ko‘zda tutilgan bo‘lsa, kredit shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarni ta’minlash usullari;
  • kreditning asosiy qarzi va hisoblangan foizlari qaysi davrdan boshlab, qay tartibda to‘lanishi. Qaytarish muddati aniq kun yoki davr bo‘lishi mumkin;
  • Kredit shartnomasi shartlarini bajarmaslik (tegishli tarzda bajarmaslik) bo‘yicha javobgarlik;
  • kreditni muddatidan oldin qaytarish imkoniyatining mavjudligi va uning shartlari;
  • Kreditni berish va qaytarish hamda undan foydalanganlik uchun ustama haq to‘lash bo‘yicha boshqa shartlar.

Kredit olishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?

Tijorat bankidan kredit olish haqida qaror qabul qilishdan oldin, dastlab ushbu kreditni ajratish bilan bog‘liq qoidalarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqish zarur. Bunda kreditning asosiy qarzi va unga bog‘liq to‘lovlar o‘z vaqtida va to‘liq hajmda to‘lab berish yuzasidan o‘z imkoniyatlaringizni to‘g‘ri baholab chiqishingiz lozim.Bundan tashqari:

  • kredit bo‘yicha to‘lanadigan foiz miqdoriga;
  • majburiyatlarni bajarish muddatlariga;
  • kreditni muddatidan oldin qaytarish imkoniyatining mavjudligi va uning shartlariga;
  • kredit olish uchun qo‘shimcha shartnoma tuzish (masalan, sug‘urta shartnomasi) talab etilishi mavdudligiga alohida e’tibor qarating.
Kredit ta’minoti yuqori bo‘lgan hollar hisobga olinganda (likvid ta’minot, garov yoki kafil) kredit foizlari nisbatan past bo‘lishi mumkin.

Maqbul shartlardagi kreditni tanlash yuzasidan tegishli qaror qabul qilishda jismoniy shaxslar uchun kreditlar taklif etayotgan bir nechta tijorat banklarining takliflarini o‘rganib chiqish maqsadga muvofiqdir.

Agar bank kreditdan foydalanganlik uchun to‘lanadigan foiz miqdorini oshirsa nima qilish kerak?

Kredit shartnomasining shartlarini o‘zgartirish, ushbu kredit shartnomasiga qo‘shimcha bitim tuzish orqali amalga oshiriladi. Shu bilan birga, agar kredit shartnomasining shartlarida kreditdan foydalanganlik uchun foiz miqdorini o‘zgartirishning (oshirishning) aniq asoslari ko‘zda tutilgan bo‘lsa va bunday o‘zgartirishlarni kuchga kirishining aniq muddatlari belgilangan bo‘lsa, bunday holatda kredit foizi miqdori amaldagi kredit shartnomasining shartlariga asosan o‘zgartiriladi.

Agar kredit shartnomasida kreditdan foydalanganlik uchun foiz miqdori biron-bir bazaviy ko‘rsatkichga bog‘langan bo‘lsa (masalan, Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasiga), ushbu bazaviy ko‘rsatkich o‘zgargan holatlarda kredit shartnomasiga qo‘shimcha bitim tuzish talab etilmaydi.

Odatda, kredit shartnomalariga agar qarz oluvchi kreditdan foydalanganlik uchun to‘lanadigan foiz miqdorini oshirish yuzasidan qo‘shimcha bitimni imzolashga rozi bo‘lmagan taqdirda qarz oluvchi bankka ushbu kreditni muddatidan oldin qaytarishi lozimligi to‘g‘risida qoida kiritiladi. Qayd etish lozimki, bunday hollatda qarz oluvchi tomonidan bankka kreditni qaytarishi lozim bo‘lgan muddat, bank tomonidan kreditni muddatidan oldin qaytarish to‘g‘risidagi talabi qo‘yilgan kundan boshlab 3 oydan kam bo‘lmasligi lozim.

Bank omonat (depozit) turini tanlashda iste’molchi nimalarga e’tibor qaratishi lozim?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 54-moddasiga ko‘ra, mulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq, yuridik va jismoniy shaxslar o‘zlariga hisob-kitob va kassa xizmatlarini ko‘rsatish uchun banklarni mustaqil ravishda tanlaydilar hamda bir yoki bir necha banklarda milliy va chet el valyutasidagi talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari, shuningdek, jamg‘arma, muddatli, ssuda va boshqa depozit hisobvaraqlarini ochish huquqiga egalar. Mamlakatimiz tijorat banklari tomonidan milliy hamda chet el valyutasida turli muddat va shartlar asosida keng ko‘lamda omonat (depozit) turlari taklif etilmoqda.

U yoki bu omonat turiga bo‘sh pul mablag‘larini joylashtirish orqali har bir omonatchi ushbu joylashtirilgan mablag‘laridan maksimal darajada daromad olishi yuzasidan ma’lum risklarga duch keladi.

U yoki bu omonat turini tanlashdan avval fuqaro pul mablag‘larini omonatga qo‘yishdan olinadigan daromadi o‘zi kutayotgan darajada ekanligiga ishonch hosil qilishi va nafaqat olinadigan foiz miqdoriga, balki boshqa shartlarga ham e’tibor qaratishi lozim.

Masalan, agar fuqaroda omonat muddati tugagunga qadar omonatdagi mablag‘larini muddatidan avval yechishga ehtiyoj tug‘ilishi mumkin bo‘lsa, eng kam yo‘qotishlar bilan omonatni yechish ehtimoli va bunday shart omonat shartnomasida ko‘zda tutilganligiga va omonatni daromad keltirish asnosida eng kam saqlash muddatiga e’tibor qaratishi lozim.

Agar fuqaro yaqin vaqt mobaynida o‘zining bo‘sh pul mablag‘lariga ehtiyoj sezmasa, u holda fuqaro mablag‘larini tijorat banki tomonidan taklif etilayotgan omonatlarga joylashtirishda omonat bo‘yicha to‘lanadigan foizlar va ularni hisoblash usullari (foizlarni kapitalizatsiya qilish usuli yuqori daromad keltiradi) mezon bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga ko‘ra, fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi omonat (depozit) hisobvaraqlarida milliy hamda chet el valyutasida saqlanayotgan pul mablag‘larining but saqlanishi davlat tomonidan to‘liq kafolatlangan.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi banklaridagi omonatlari himoyalanishini ta’minlash sohasidagi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tartibga solinadi.

Agar bankning bank operatsiyalarini bajarish huquqini beruvchi litsenziyasi Markaziy bank tomonidan chaqirib olinsa va mazkur bankning mavjud mablag‘lari fuqarolarning bankdagi omonatlari bo‘yicha haq to‘lashga yetmasa, u holda fuqarolar omonatlari "Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni talablari asosida 100 foiz miqdorda qoplab beriladi.

Qaysi hollarda chet el valyutalari shikastlangan hisoblanadi yoki tijorat banklari tomonidan almashtirib berilmaydi?

Bugungi kunda barcha tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shoxobchalarida quyidagi operatsiyalar amalga oshirilmoqda:

  • jismoniy shaxslardan naqd chet el valyutasini naqd milliy valyutaga sotib olish;
  • jismoniy shaxslar - norezidentlarga (keyingi o‘rinlarda norezident deb yuritiladi) chet el valyutasini sotish;
  • jismoniy shaxslarning xalqaro to‘lov kartasidagi chet el valyutasini naqd milliy valyutaga ayirboshlab berish;
  • jismoniy shaxslardan chet el valyutasini inkassoga qabul qilish;
  • haqiqiyligi shubha tug‘dirgan chet el valyutalarini jismoniy shaxslardan ekspertizaga qabul qilish;
  • jismoniy shaxslarning yirik chet el valyutasini o‘sha chet el valyutasiga maydalab berish;
  • jismoniy shaxslarning shikastlangan chet el valyutasini shikastlanmagan shu turdagi chet el valyutasiga almashtirib berish;
  • jismoniy shaxslarga bir xorijiy davlatning naqd valyutasini boshqa xorijiy davlatning naqd valyutasiga almashtirib berish (konversiya).
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 25 apreldagi “Bank va banklar faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan, bank operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalari va vositachilik haqi miqdori banklar tomonidan mustaqil belgilanadi. Shuning bilan birga, valyuta ayirboshlash operatsiyalari yuzasidan ko‘rsatilingan xizmatlar uchun vositachilik xaqi undirilishi mumkin. Chet el valyutasini sotish va sotib olish bundan istisno.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2017 yil 6 noyabrda 2944-son bilan ro‘yxatga olingan “Vakolatli banklarda jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan chet el valyutasi quyidagi hollarda shikastlangan hisoblanadi:

  • emitent bank nomi, valyuta qiymatining raqamlar va so‘z bilan ko‘rsatilishi, old va orqa tomonining asosiy rasmi (surati), shuningdek qalbakilashtirishdan himoya qiluvchi elementlari (suv belgisi, magnitli belgilar, qog‘ozga kiritilgan rangli tolalar, jumladan, ultrabinafsha nurlarda ko‘rinadigan tolalar, konfetti, himoya iplari, mikromatn, nur sochuvchi rasmlar va boshqalar) va boshqa asosiy belgilarini saqlab qolgan bo‘lsa;
  • siyqalangan va ifloslangan bo‘lsa;
  • yopishtirib qo‘yilgan yirtilgan burchaklari yoki qismlari bo‘lsa;
  • banknot yopishtirib qo‘yilgan va unchalik katta bo‘lmagan yirtiqlarga ega bo‘lsa;
  • mayda moy dog‘lari va boshqa dog‘lar, yozuvlar va muhrlar o‘rni bo‘lganda va ular banknotning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan va to‘lovga yaroqlilikning asosiy belgilarini 50 foizidan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan bo‘lsa;
  • banknotlar mayda teshiklarga ega bo‘lganda.

Yuqorida keltirilgan ro‘yxat chet el valyutasini muomalaga chiqargan bank-emitent tomonidan o‘rnatilgan qoidalardan tashkil etiladi va mazkur bank –emitent o‘z valyutasining to‘lovlilik alomatlari, jumladan uning “quyi chegarasi” ya’ni qanday hollarda to‘lovga qabul qilinmasligi va almashtirib berilmasligini aniqlaydi.

Ta’kidlash joizki, Markaziy bank chet el valyutasini muomalaga chiqarmaydi yoki muomalaga yaroqsiz chet el valyutalarini almashtirib bermaydi. «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi Qonuniga asosan mazkur vakolat milliy valyutaga nisbatan ishlatiladi.

Fuqaro bank kassasidan milliy valyutada yoki chet el valyutasida naqd pullarni olishda nimalarni bilishi lozim?

Bank kassasidan berilgan pulni olgan fuqaro, kassa yonidan ketmay turib olingan umumiy summani hujjatda ko‘rsatilgan summa bilan taqqoslashi, uni bog‘lamlar va dastalar bo‘yicha tekshirishi, dasta to‘lmagan alohida pullarni esa shu pulni bergan kassirning kuzatuvi ostida birma-bir qayta sanab ko‘rish orqali qabul qilib olishi lozim. Fuqaro qabul qilib olgan barcha pullarni maxsus ajratilgan xonada, bank kassiri yoki nazoratchi kuzatuvi ostida, birma-bir qayta sanab olishi shart.

Shunga ko‘ra, fuqaro quyidagilarni bilishi lozim:

  • agar fuqarolar kassa yonida pulni qayta sanab olmagan yoki qayta sanash uchun ajratilgan xonada bank nazoratchisi kuzatuvi ostida qayta sanamagan bo‘lsalar, ularning pul yoki tangalari yetishmayotganligi to‘g‘risidagi arizalari tijorat banki tomonidan qoniqtirilmaydi. Bu haqda chiqim kassalari oldida ko‘zga ko‘rinarli joyga e’lon yozib qo‘yilishi shart;
  • agar bank kassiri fuqaroga olinayotgan pulni birma-bir qayta sanab olishni taklif etayotgan bo‘lsa, fuqaro ushbu taklifni rad etmasligi kerak. Chunki, pullarni qayta sanash jarayonida o‘z miqdoridan kam chiqsa, bankning mas’ul xodimi bilan fuqaro o‘rtasida dalolatnoma rasmiylashtiriladi va yetishmayotgan summa bank tomonidan fuqaroga qoplab beriladi;
Shunga ko‘ra, tijorat banki kassasidan milliy valyutada yoki chet el valyutasida naqd pullarni olishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nohush holatlarni oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki fuqarolarga pullarni birma-bir qayta sanab olishni tavsiya etadi.


USD = 12786.98
+12
EUR = 13753.68
-160.83
RUB = 130.27
+0.13
GBP = 16497.76
-88
JPY = 83.03
-0.91
CHF = 14625.39
-191.33
CNY = 1786.12
-11.58
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X